Samarqandda yana iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari to‘xtatib qolindi

"Cobalt" haydovchisi tegishli hujjatlarsiz 500 kg go‘sht mahsulotlarini olib ketilayotgani aniqlandi.
Sputnik
TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Samarqandda 500 kg iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari to‘xtatib qolindi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, 3-avgust kuni soat 00:05larda Samarqand viloyati, Urgut tumanida joylashgan “Omonqo‘ton” YPX maskanida "Cobalt" rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirildi.
“Kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan, veterinariya-sanitariya talablariga zid ravishda, tegishli hujjatlarsiz 500 kg go‘sht mahsulotlari olib ketilayotganligi aniqlangan”, deyiladi xabarda.
Yaroqsiz go‘sht mahsulotlari tegishli tartibda yo‘q qilinib, hozirda haydovchiga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk mashinasida bir tonnadan ziyod iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari aniqlangandi. Yaroqsiz go‘sht mahsulotlari tegishli tartibda yo‘q qilingan va haydovchiga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.