Hilola Umarova surxondaryolik maktab direktori o‘z faoliyatini davom ettirishini aytdi — video

“Surxondaryolik maktab direktori yana qamoqda” degan xabarlarni vazir shaxsan o‘rgandi.
Sputnik
TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Surxondaryodagi maktab direktori o‘z ish faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryolik maktab direktori yana qamoqda” degan xabarlar tarqaldi. Mazkur xabar yuzasidan Hilola Umarova surxondaryolik direktor bilan bog‘landi.
“Ayni damda Buxoroda safarda bo‘lib turgan vazirimiz Hilola Umarova surxondaryolik direktorimiz Umida opa bilan bog‘landilar. Ular uydalar havotirga o‘rin yo‘q!”, deyiladi xabarda.
Umarova hokimlarni pedagoglar faoliyatiga aralashmay, maktablardagi shart- sharoitlarini yaxshilashga e’tibor qaratishga chaqirdi. Xabarda “Surxondaryodagi maktab direktori o‘z ish faoliyatini davom ettiradi!”, deyilgan.
“Bugun pedagog xodimlarning obro‘ va nufuzini oshirish davlatimizning eng ustuvor vazifalaridan ekanligi barchaga ma’lum. Davlatimiz rahbari tomonidan barcha mahalliy hokimliklarga maktablarni moddiy-texnik bazasini yaxshilash va maktab jamoasi faoliyat olib borishi uchun qulay infratuzilma yaratish vazifasini topshirganlar. Davlatimizda bugun olib borayotgan ta’lim sohasi xodimlarini obro‘ va nufuzini ko‘tarish kabi ustuvor siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda har bir rahbar xodim barcha pedagog xodimlarimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini, maktabda pedagog xodimlar faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoit yaratishga e’tibor qaratishlarini, maktabdagi ma’naviy muhit, ta’lim sifati va mazmuni bilan bog‘liq har qanday vaziyat esa vazirlik nazoratida ekanligini eslatib o‘tmoqchiman”, deydi vazir.
Shuningdek Hilola Umarova mamlakatda faoliyat olib borayotgan har bir pedagog xodim davlat himoyasida ekanligini qayd etib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilishgandi. Qonun loyihasida pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, ular faoliyatining asosiy kafolatlari, ularning mehnatiga yarasha haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilanmoqda.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev yangi o‘quv yilidan boshlab maktablarni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida pedagoglarni sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi. Ya’ni, ishga kirayotgan pedagog 1-yil davomida o‘qituvchi-stajor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olishi kerak bo‘ladi.