2023 yilda eng ko‘p daromat olgan OTMlar ma’lum bo‘ldi

Respublikadagi 70 ta davlat oliy ta’lim muassasasining daromadlari va xarajatlari ma’lum qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Oliy ta’lim muassasalari ichida O‘zbekiston milliy universiteti eng ko‘p daromad ko‘rdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi respublikadagi 70 ta davlat oliy ta’lim muassasasining (OTM) 2023-yil 1-yarmi bo‘yicha daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqladi.
Toshkentda joylashgan eng ko‘p daromad ko‘rgan oliy ta’lim muassasalarining qisqa ro‘yxati quyidagicha:
O‘zbekiston milliy universiteti – 245 mlrd so‘m;
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti – 165 mlrd so‘m;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 151 mlrd so‘m;
Toshkent davlat texnika universiteti – 145 mlrd so‘m;
Toshkent moliya instituti – 102 mlrd so‘m.
Joriy yilning dastlabki olti oyida daromad va xarajatlar orasidagi ijobiy tafovuti yuqori bo‘lgan OTMlar:
Samarqand davlat chet tillar instituti - 33 mlrd so‘m;
Navoiy davlat pedagogika instituti - 27 mlrd so‘m;
Termiz davlat pedagogika instituti - 24 mlrd so‘m;
Shahrisabz davlat pedagogika instituti - 19 mlrd so‘m).
Bundan tashqari, joriy yilning I yarim yilligi yakunlari bo‘yicha xarajatlari daromadlaridan yuqori bo‘lgan OTMlar - Namangan davlat universiteti (-230 mlrd so‘m), Chirchiq davlat pedagogika universiteti (-128 mlrd so‘m), Urganch davlat universiteti (-85 mlrd so‘m).
Ma’lumot uchun, oliy ta’lim muassasalarining daromadlari budjetdan moliyalashtirilgan mablag‘lar, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish uchun tushgan tushumlar, rivojlantirish mablag‘lari bo‘yicha daromadlar hisobidan shakllantiriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda respublikada jami 210 ta OTMlar bor. Ulardan 115 tasi davlat organlari tasarrufidagi OTMlar, 65 tasi nodavlat oliy ta’lim muassasalari, 30 tasi xorijiy OTMlar va ularning filiallari hisoblanadi.