Tilda bitta so‘z bir necha ma’noni ifodalaydi, ayni paytda, bitta ma’noni anglatadigan bir necha so‘z ham bor. Bitta so‘zning bir necha ma’noda qo‘llanishi shu so‘zning ma’noviy boyligini ko‘rsatsa, bir necha so‘zning bitta ma’noni bildirishga xizmat qilishi bir fikrni turlicha yetkazish mumkinligini namoyon etadi. O‘zbek tilida bir sodda so‘z bilan ifodalanishini mumkin bo‘lgan ma’noni juft so‘zlar orqali namoyon etish mumkinligi tilimizda fikr ifodalashning har xil yo‘llari borligini ko‘rsatadi. Biroq biz kunda-kunora ko‘rib-eshitib yurgan xotin-xalaj, qarz-qavola, bog‘-rog‘, talon-toroj, achchiq-tizziq singari juft so‘zlarning ikkinchi qismining ma’nosi ko‘plarimizga notanish. Bu safar Sizlar bilan ana shunday so‘zlardan bahs etamiz.
Xotin-xalaj
“Xotin-qizlar”, “ayollar” ma’nosini bildiradi. Masalan: Qo‘chqor. Olimtoy, lekin, ja savob ish qilyapti-da. Rakatopsin. Mana, xotin-xalaj, bola-chaqa yil bo‘yi daladan beri kelmaydi. (Sharof Boshbekov, Temir xotin) Juft so‘z tarkibidagi xalaj so‘zi o‘zbek tilida o‘zi alohida qo‘llanmaydi va shuning uchun ham ma’nosi ko‘pchilikka notanish. Xalaj so‘zi “Devonu lug‘otit turk” asarida turkiy qabila nomi sifatida uchraydi [Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk. 3-jild. – Toshkent: Fan, 1963. 218-, 415-betlar], ammo uning bizni qiziqtirgan xalaj so‘ziga aloqasi yo‘qdek. “Qur’oni karim”ning ikki tafsiridagi “Tavba” surasining 87-oyatini qiyoslash orqali xalaj so‘zining “bola” ma’nosini bildirishi ma’lum bo‘ldi. Qiyoslab ko‘ring: Ular xotin-xalaj bilan qolishga rozi bo‘ldilar. (Qur’oni azim muxtasar tafsiri. Mufassir: Shayx Alouddin Mansur. – Toshkent: Munir, 2022. 324-bet); (Ular) qoluvchi (ayol va bola)lar bilan birga bo‘lishga rozi bo‘ldilar. (Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi: Shayx Abdulaziz Mansur. – Toshkent: Sano-standart, 2019. 201-bet)
Quyidagi misolda xalaj so‘zining “bola” ma’nosida kelishi ochiq ko‘rinadi: Tashqaridan boqsangiz, singan shoirning hamma narsasi bor: xotin-xalaj, uy-joy va hokazolar. (Rahimjon Rahmat, Adabiyot manzaralari)
Qarz-qavola
“Yordam tariqasida olingan pul” ma’nosini bildiradi. Aslida esa qarz-qavola so‘zi har qanday qarzga olingan pulni bildirmaydi. Buning uchun biz arab tilidan o‘tgan qavola so‘zining ma’nosini bilib olishimiz lozim. Arab tilida bu so‘z “kafolat berish” ma’nosini bildiradi. O‘zbek tili tarixida esa dastlab “yozma kafolat berib qarzga olingan pul” ma’nosida qo‘llangan. Keyinroq esa bu ma’nodagi “yozma kafolat berish” ma’nosi unutilgan va yozma kafolatsiz, og‘zaki va’da berib qarzga olingan pul”ni bildirishga o‘tgan. Bugungi kunda qarz-qavola so‘zi dastlabki ma’nosida tarixiy mavzudagi asarlardagina qo‘llanadi. Qiyoslab ko‘ring: Vaholanki, uch milliard so‘m qarz-qavola faqat aholining qo‘liga berilgan tilxat asosida aniqlangan edi. (Nabijon Boqiy, Chingiz afandiga maktublar) Lekin siz ko‘p kuyinavermang, hech bo‘lmasa, u-bu tiqishtirib tinchitishning iloji bor chiqar, qancha xarajat bo‘lsayam, aytavering, qarz-qavola ko‘tarib bo‘lsayam topamiz. (Abduqayum Yo‘ldosh, Biz bo‘lmagan joylarda)
Demak, qarz-qavola so‘zi avval “yozma kafolat berib qarzga olingan pul” ma’nosini bildirgan, hozir hujjat bilanmi yoki hujjatsizmi, bundan qat’i nazar, umuman, “yordam tariqasida olingan pul” ma’nosini anglatadi.
Gap-gashtak
“Har hafta yoki oyda bir marta do‘st-ulfatlarning birinikida o‘tkaziladigan ziyofat” ma’nosini bildiradi. Masalan: Kech kuzakka boribgina rizq-ro‘z qidirib ketgan erkaklar topgan-tutganini beliga bog‘lab qaytib kelar, ana shunda kechalari gap-gashtak avjiga chiqar edi. (Erkin A’zam, Guli-guli) Qizig‘i shundaki, gap so‘zining o‘zi ham shu ma’noni ifoda qiladi. Qiyoslab ko‘ring: Bugun juma bo‘lgani uchun Hakimboyvachcha va Mirzakarimboy o‘z ulfatlarinikiga gapga ketishgan (Oybek, Qutlug‘ qon).
U holda nega xalq gap-gashtak so‘zini ijod qilgan? Buning sababini bilish uchun gashtak so‘zining ma’nosini bilib olishimiz lozim. Gashtak so‘zi o‘zbek tilida yo‘q, shu bois bu so‘zning ma’nosini tilshunos bo‘lmagan odam bilmasligi mumkin. Gashtak so‘zi asli tojikcha, bu so‘z tojik tilida “qishda ulfatlar o‘rtada teng pul yoki masalliq yig‘ib qiladigan ziyofat” ma’nosini bildiradi. “O‘rtoq-tengqurlarning ziyofati” ma’nosini bildiradigan ikki so‘zni juftlab gap-gashtak so‘zini ijod qilishdan maqsad ma’noni umumlashtirib, kengaytirib ifodalash zarurati bo‘lgan.
O‘zbek tilidagi juft so‘zlarning katta qismi ma’noni kengroq, umumiyroq ifodalash zarurati bilan yasalgan. Shunday so‘zlardan biri bog‘-rog‘. O‘zbek tilida “mevazor, tokzor, gulzor bog‘lardan iborat maydon, park va shu kabilar” bog‘-rog‘ deyiladi. Bu so‘zning ma’nosini aniq tasavvur qilish uchun uni rog‘ so‘zining ma’nosi bilan qiyoslab ko‘rish kerak. Rog‘ so‘zi “tog‘ etagi”, “o‘tloq, maysazor” ma’nolarini bildiradi. Bu so‘zni bog‘ so‘ziga juftlab hosil qilingan bog‘-rog‘ so‘zi ma’noni bog‘ so‘ziga qaraganda kengroq, kuchliroq ifodalaydi, unda “gullab-yashnagan bog‘” ma’nosi ustuvor. O‘zingiz bir qiyoslab ko‘ring: Hammamizning uyimizda husaynimi, buvakimi yo boshqa xil uzum istalgancha bo‘lsa ham, shu bog‘dagi uzumlardan ko‘zimizni uzolmasdik. (O‘lmas Umarbekov, Charos) Etakdagi kattakon qishloq, bog‘-rog‘lar asosan shu ariqdan suv ichadi (Erkin A’zam, Jannat o‘zi qaydadir).
Talon-toroj
“Birovning mol-mulkini ko‘plashib tortib olish, talab ketish” ma’nosini bildiradi. Bu juft so‘zning talon qismi o‘zbek tilidagi talamoq so‘zidan olingan: Kennayimga yana bir xat yozasan. Pul uch kunda shu yerda bo‘lishi kerak, – dedi yigit. – Bo‘lmasa... – Bilaman, – dedi Sharif, – molim ham, jonim ham talonda. (Tohir Malik, Shaytanat) O‘zbek o‘sha o‘zi bilgan talon so‘ziga -chi qo‘shimchasini qo‘shib, talonchi so‘zini yasagan va bu so‘zga “birovning mol-mulkini talab ketuvchi, tortib oluvchi kimsa” ma’nosini biriktirgan: Agar shunchalik joning achishayotgan ekan, bog‘ni talonchilardan himoya qilmaysanmi! (Said Ahmad, Kiprikda qolgan tong) Bu bilan ham tinib-tinchimagan xalqimiz talonchi odam qilib yuradigan ishni talonchi so‘ziga -lik qo‘shimchasini qo‘shib, talonchilik degan o‘ta salbiy baholi so‘zni ijod etgan: Kechasi shaharda talonchilik avjiga chiqdi (Pirimqul Qodirov, Yulduzli tunlar).
Biroq toroj degani nima bo‘ldi ekan? Lug‘atlardan ma’lum bo‘lishicha, toroj – tojikcha so‘z va u “talonchilik, o‘g‘rilik, bosqinchilik” ma’nosini bildiradi. Hozir ham juda kam holatda badiiy asarlarda ishlatiladi: Yog‘di to‘rt yondin asrlar Boshingga tiyri kamon, Umri qurbon, mulki toroj, Yurti vayron, o‘zbegim (Erkin Vohidov, O‘zbegim).
Talon-toroj so‘zi alohida qo‘llangan talon va toroj so‘zlariga qaraganda ma’noni kengroq va kuchliroq ifodalaganligi uchun shunday juft so‘z yasalgan. Yuqoridagi misollar bilan quyidagi misolni taqqoslab ko‘rsangiz, fikrimiz to‘g‘riligiga o‘zingiz amin bo‘lasiz: Sherxondan keyin podsho bo‘lgan uning o‘g‘li Islomshoh intihosiz talon-torojlari bilan o‘zining afg‘on yurtdosharini ham jonidan to‘ydirdi (Pirimqul Qodirov, Avlodlar dovoni).
Achchiq-tizziq/Achchiq-tirsiq
“Zardali aytilgan, jahl bilan qilingan” gap-so‘z yoki xatti-harakatni bildiradi. Bu juft so‘zning nima ma’no bildirishini-ku bilamiz, ammo tizziq yoki tirsiq degani qanday ma’no bildiradi, mana shunisi qorong‘i. Til tarixiga oid lug‘atlarda tizziq (yoki tirsiq) so‘zi uchramaydi, balki tirziq shaklida qayd qilingan so‘z bor va uning “biri ikkinchisiga kelishmagan gap-so‘z” ma’nosini bildirishi aytilgan. Tirziq so‘zi alohida holda tilimiz tarixida juda kam qo‘llangan: G‘oyat sho‘x tab’lig‘idin tirziq aytmoq qoidasin Mir paydo qildi (Alisher Navoiy, Majolisun-nafois).
Keyinchalik o‘zbek tili egalari tirziq so‘zini o‘z talaffuzlariga moslashtirgan. Natijada, r tovushining o‘rnini z tovushi egallagan va achchiq-tizziq holiga kelib qolgan. Bunday o‘zgarish ko‘proq og‘zaki nutqda yuz bergan, hozirgi o‘zbek tilida achchiq-tizziqshaklida juda kam holatda qo‘llanadi, ko‘pincha badiiy tilda uchraydi. Tabiiyki, O‘zbekistonning boshqa hudida yashovchilar ham bu so‘zni achchiq-tirsiqtarzida o‘zlarining talaffuziga yaqinlashtirgan. Oqibatda, bir umumiy ma’noni ifodalaydigan uchta so‘z yuzaga kelgan: 1.Norbuvi ham Karimovga qosh chimirib qaradi. Lekin bu qarash karashmami yo achchiq-tirziq qarashmidi — bilib bo‘lmadi. (Husayn Shams, Dushman) 2. Sotti merov tushgacha astoydil ishladi. Lekin kechga yaqin toliqdi, chog‘i, tili chiqib, achchiq-tizziq gap ota boshladi. (Asqad Muxtor, Insonga qulluq qiladurmen) 3. Ismoil maxsum bilan Sirojiddin ikkovlari orasida chiqadigan tortishuvlar, bahs va munozaralar ba’zan achchiq-tirsiq gaplargacha borib yetardi (Asad Asil, Olam aro charaqlagan nur).
Bundan oldin "Shashlik yo kabob: qaysi biri o‘zbekchaligini bilasizmi?" degan maqola bergandik.
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Avvalgi materiallar: