TOShKENT, 3 avg — Sputnik. AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar asosida 561-yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
“AQSh Adliya vazirligi muttaham Jo (Bayden) nazorati ostida yana menga qarshi ayblovlar qo‘ydi. Noqonuniy yo‘llar bilan ayblovlar qo‘yilishi tufayli ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, menga jami 561-yil qamoq jazosi berilishi mumkin. Olti marta umrbod jazo”, — deb yozgan Tramp o‘z tarafdorlariga yo‘llagan maktubida.
Maxsus prokuror Jek Smit avvalroq Trampga bir nechta ayblovlar qo‘yilganini e’lon qilgan edi. Sobiq davlat rahbari 2020-yilgi saylovda mag‘lub bo‘lganidan keyin g‘ayriqonuniy harakatlar orqali hokimiyatni saqlab qolishga uringanlikda ayblanmoqda. Tramp 3-avgust kuni Vashingtondagi sudga kelishi kutilmoqda.
Uning tarafdorlari bu noqonuniy ayblovlar bekor qilinishi va siyosatchi 2024-yilda bo‘lib o‘tadigan saylov natijalaridan keyin Oq uyga qaytishiga ishonishadi.
2021 yil 6-yanvarda Tramp tarafdorlari Kongress faoliyatini bir necha soatga to‘xtatib, Kapitoliyga hujum qilishgan edi. Tartibsizliklar natijasida bir namoyishchi va bir politsiyachi halok bo‘lgan, yana uch kishi zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli halok bo‘lgan. Namoyishchilar binodan chiqarib yuborilgach, qonunchilar Baydenning prezidentlik saylovidagi g‘alabasini tasdiqlashgan. Keyinchalik AQShda g‘alayonda ishtirok etganlikda ayblanib, yuzlab hibsga olinganlar bo‘lgan.