Sud muqarrar: Ko‘p xotinlik uchun necha kishi jazolangani ma’lum bo‘ldi

Ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash uchun 3-yilgacha qamoq jazosini olish mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 3 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 2018−2022 yillarda ko‘p xotinlik uchun 34 nafar erkak sudlangan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi
Qayd etilishicha, ularga tegishli jazo tayinlangan.
“Joriy yilning dastlabki olti oyi mobaynida ushbu ko‘rsatkich 4 nafar shaxsni tashkil etdi”, - deyiladi xabarda.
Jinoyat kodeksining 126-moddasiga binoan ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash bazaviy hisoblash miqdori (hozirda 330 ming so‘m)ning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.