TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Farg‘ona shahrida taksi haydovchisi va fuqaro o‘rtasidagi janjal ortidan uch nafar IIO xodimi egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda yozilishicha, IIO xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan tayinlangan xizmat tekshiruvi yakunlangan. Unga ko‘ra, o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagani uchun Farg‘ona viloyati IIB patrul-post xizmati otradi safdor xodimlari V.N., E.P hamda guruh komandiri kapitan Z.O. egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Shuningdek, Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati batalon komandiri H.S.ga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-avgust kuni Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro “Yandeks” taksi avtomobili oynasini sindirgan edi. Fuqaro qo‘lga olingan va unga nisbatan JKning bezorolik moddasi bilan jinoiy ish ochilgan. Hodisa joyida bo‘lgan, biroq janjalga aralashmagan IIO xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan edi.