Bir tonnadan ziyod iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari aniqlandi — tafsilotlar

“Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk mashinasidan iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari topildi.
Sputnik
TOShKENT, 2 avg — Sputnik. “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk mashinasida bir tonnadan ziyod iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari aniqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB xabar berdi.
Aytilishicha, Bulung‘ur tumanida joylashgan “Yuqori nuqta” YPX maskanida “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan 1998-yilda tug‘ilgan X.Sh. boshqaruvidagi "Isuzu" rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib tekshirilgan.
Bir tonnadan ziyod iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari aniqlandi
Transport yukxonasida kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan, veterinariya-sanitariya talablariga zid ravishda biror bir hujjatlarsiz olib ketilayotgan 1100 kg go‘sht borligi aniqlandi.

“Ushbu go‘sht mahsulotlarini iste’molga yaroqliligini tekshirish maqsadida Bulung‘ur tumani hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat markaziga olib borildi. Namunalar olib tekshirilganda iste’molga yaroqsizligi aniqlandi”, - deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, yaroqsiz go‘sht mahsulotlari tegishli tartibda yo‘q qilinib, hozirda haydovchiga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxt dehqon bozorlarining birida iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari aniqlangandi. Iste’molga yaroqsiz mahsulotlar veterinariya-sanitariya qoidalariga binoan utilizatsiya qilindi. Shuningdek, tadbirkorlar va iste’molchilar o‘rtasida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.