O‘zbekiston va BAA turli yot g‘oyalarga hamkorlikda kurashishga kelishib oldi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va BAAning “Hidoya” xalqaro tadqiqot markazi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 2 avg — Sputnik. O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) turli yot g‘oyalarga hamkorlikda kurashishga kelishib oldi, deya xabar berdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev va BAAning Ekstremizm va zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha “Hidoya” xalqaro tadqiqot markazi ijrochi direktori Ahmad Al-Qosimiy o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikka oid anglashuv memorandumi imzolandi.
“Hidoya” markazi direktori so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama hamkorlikka oid Anglashuv memorandumining imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasida diniy-ma’rifiy sohadagi mushtarak aloqalarning rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Xususan, globallashuv davrida turli yot g‘oyalarga hamkorlikda kurashish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish hamda ijobiy natijalar ko‘rsatishini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuvda qayd etilishicha, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm va aqidaparastlikka qarshi kurash borasida BAA bilan hamkorlik o‘zining ijobiy natijalarini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurash sohasida BAA bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgani ma’lum qilingan edi. O‘zbekiston Bosh konsulligi va "Dubay ayollar va bolalarni himoya qilish jamg‘armasi" o‘rtasida odam savdosi qurboni bo‘lgan ayollar hamda undan jabr ko‘rganlarni himoya qilish maqsadida ikki tomonlama Hamkorlik memorandumini ishlab chiqish va imzolash to‘g‘risida kelishib olingan.