“O‘tkan kunlar” romani ozarbayjon tilida qayta chop etildi

Bokuda Abdulla Qodiriyning ozarbayjon tilida qayta chop etilgan “O‘tkan kunlar” romanining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Bokuda ozarbayjon tilida qayta chop etilgan “O‘tkan kunlar” romanining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Madaniyat vazirligi.
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida Boku shahridagi Ozarbayjon Milliy kutubxonasida O‘zbek milliy adabiyoti ekspozitsiyasi tashkil etildi.
Unda buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning ozarbayjon tilida qayta chop etilgan “O‘tkan kunlar” romanining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Abdulla Qodiriyning ozarbayjon tilida qayta chop etilgan “O‘tkan kunlar” romanining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
"Asar ilk bor 1929-yilda ozarbayjon tiliga ogirilib, bir necha bor qayta nashr etilgan. Bu ikki xalq adabiyotining o‘zaro mushtarakligi mevasi. Asarda ko‘tarilgan masalalar, tarixiy voqealar, qahramonlar taqdiri ozarbayjonliklarga ham begona emas. Shu sababli turkiy xalqlar "O‘tkan kunlar" asariga qayta-qayta murojaat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, bu asarni butun turkiy xalqlarning adabiy mulki, deb aytsak xato bo‘lmaydi", deydi Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy.
O‘zbek va ozarbayjon milliy adabiyoti vakillari, san’atshunos olimlar qatnashgan tadbir doirasida ikki mamlakatning adabiyot va kitobxonlik sohasida erishgan yutuqlari va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjonning Boku shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Madaniyat kunlari doirasida o‘zbekistonlik taniqli san’atkorlar ishtirokida katta konsert dasturi, shuningdek, teatr tomoshalari taqdimoti, kitob ko‘rgazmasi va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.
O‘zbekistonlik va ozarbayjonlik san’at ustalari ishtirokida qo‘shma konsertda Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi 76 nafar sozandadan iborat O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, shuningdek taniqli san’atkorlar Farrux Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Gulsanam Mamazoitova, Jenisbek Piyazov, Ilos Arabov, Yulduz Turdiyeva, Ozoda Nursaidova, Samandar Alimova va boshqa ko‘plab ijodkorlar ishtirok etadi.