TOShKENT, 2 avg — Sputnik. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Bahrullo Rahimov vafot etdi, deb xabar berdi Madaniyat vazirligi.
Rahimov Bahrullo Mardiyevich 1959-yil 10-aprelda Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist. Drama teatri aktori.
Rahimov Bahrullo Mardiyevich Toshkent Davlat teatr va rassomchilik institutini kino va drama aktorligi fakultetini (1976-1980) tugatgach, Samarqand viloyat musiqali drama teatrida faoliyatini ko‘rsata boshlagan.
Ko‘p qirrali aktor Rahimov uzoq yillar davomida 50 tadan ortiq turli xarakterdagi tarixiy, zamonaviy asarlarda bosh rollarni o‘ynab kelgan.
Teatrdagi 43-yillik mehnat faoliyati davomida Zindonbon va Darvesh ("Ulug‘bek"), Amir Nasrulloh ("Nodirabegim"), Amir Temur ("Samarqandnoma"), Behbudiy ("Behbudiy"), Sulayxiy (“Imom Buxoriy”), Aleksandr Makedonskiy (“Quyosh farzandi Spitamen”), Avaz (“Bir o‘lib ko‘raychi”), Edip ("Edip"), Shayxulislom va Temurning arvohi (“Mirzo Ulug‘bek”), Odam ato (“Qobil ila Hobil”), Bobo ("Ko‘chki"), Graf Gloster (“Qirol Lir”) kabi rollarni mahorat bilan ijro etgan.
Baxrulla Raximov
© Minkulturi Uzbekistana