O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari boshlandi

Toshkent shahrida kirish imtihonlari bir vaqtning o‘zida shaharning bir nechta obyektlarida o‘tkazilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 1 avg — Sputnik. Bugun, 1-avgust kuni, respublika bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar soni 948 486 nafarni tashkil etdi.
Kirish imtihonlari
Toshkent shahrida kirish imtihonlari bir vaqtning o‘zida shaharning bir nechta obyektlarida – “O‘zekspomarkaz”ning ko‘rgazma pavilonlarida, Oliy o‘quv yurtlararo sport majmuasi va “Yoshlik” sport markazida o‘tkazilmoqda.
Imtihonlar ikki smenada o‘tkaziladi:
birinchisi - soat 08.00 dan 11.00 gacha;
ikkinchisi - 15.00 dan 18.00 gacha.
Test sinovlari hududlardagi abituriyentlar soni va imtihonlar o‘tkaziladigan binolarning sig‘imiga qarab 11 kundan 13 kungacha davom etadi.
Test sinovlari to‘liq videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilingan holda o‘tkazilmoqda va jarayonlarni test2023.uz sayti orqali onlayn kuzatib borish mumkin.