TOShKENT, 1 avg — Sputnik. O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, SSP raisi Davron Vahobov va Misr ishbilarmonlar uyushmasi raisi Ali Xeymi Eissa bilan onlayn muzokaralar olib borgan.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari, jumladan, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlarni shakllantirish muhokama qilindi.
Bundan tashqari, qo‘shma biznes-forumlar va o‘zaro tashriflar tashkil etish takliflari bildirildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra tomonlar o‘rtasida O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 20-21 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Misrda bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Misr birgalikda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bog‘lovchi maqbul transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.