Kundalikni 13 yoshli yahudiy qiz Anna yozgan. U natsizm dahshatlarini xayoliy do‘sti Kittiga maktub shaklida bitgan. Kundalikdan Annaning 1942-yil iyunidan 1944-yil avgustigacha bo‘lgan ikki yillik davrga oid xotiralari, jumladan, uning o‘y-xayollari, yahudiylarga qarshi ta’qiblar va qirg‘in sabab maxfiy boshpanada kechgan og‘ir turmushi tafsilotlari bayon qilingan.
Kundalikdagi oxirgi satrlar 1944-yil 1-avgust kuni bitilgan. Uch kundan so‘ng Amsterdamdagi boshpanada yashirinib kelayotgan u, uning oilasi va do‘stlari hibsga olingan va Vesterbork lageriga, keyinroq Osvensimga yuborilgan. Oktabr oyida Anna va uning opasi Margo Bergen-Belzen lageriga o‘tkazilgan. 1945-yil fevral-mart oylarida opa-singil terlama kasalligidan vafot etgan.
Anna Frankning kundaligi YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatining “Tinchlik xotirasi” reyestriga kiritilgan 35 ta obyektdan biriga aylangan. Ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Urushi xotiralari bilan bog‘liq kundaliklar orasida eng ko‘p shuhrat qozongan.