Saidov Pokistondagi terakt munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Bu og‘ir damlarda birodar Pokiston bilan birgamiz, deya yozgan O‘zbekiston TIV rahbari.
Sputnik
TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Pokistonda siyosiy qurultoy paytida sodir bo‘lgan terakt munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

“Pokistonning Bajaur hududidagi siyosiy qurultoyda sodir bo‘lgan terrorchilik hujumi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lganidan chuqur qayg‘udamiz. Qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga o‘z hamdardligimizni bildiramiz”, - deya yozdi Saidov o‘zining Telegram-kanalida.

O‘zbekiston TIV rahbari mamlakat bu og‘ir damlarda birodar Pokiston bilan birga ekanini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Pokistonda “Djamiat Ulemai Islam” (“Islom Ulamolari jamiyati”) partiyasi qurultoyida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan edi.