Rossiya va Belarus jangovar tayyorgarlik markazlari qanday ishlashi ma’lum bo‘ldi

Rossiya harbiy obyektlarini Baranovichi va Vileykada joylashtirish muddati 25-yilga uzaytirildi.
Sputnik
TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. Deyarli barcha turdagi qo‘shinlar uchun Rossiya va Belarus harbiy xizmatchilarining qo‘shma tayyorgarligi bo‘yicha jangovar-o‘quv markazlari tuzilishi mumkin, ular harbiy qismlar bazasida faoliyat yuritadi. Bu haqda Rossiya TIV MDH mamlakatlari ikkinchi departamenti direktori Aleksey Polishuk RIA Novostiga ma’lum qildi.
“Hozirda Ittifoq davlatlarining harbiy xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda, qo‘shinlarning qo‘shma mintaqaviy guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda, ikki davlat hududida keng ko‘lamli qo‘shma mashg‘ulotlar muntazam ravishda o‘tkazilmoqda”, — dedi Polishuk.
Rossiya harbiy obyektlarini Baranovichi va Vileykada joylashtirish muddati 25-yilga uzaytirildi. 2025-yilgacha harbiy-texnik hamkorlik dasturi tasdiqlandi, deya qo‘shimcha qildi u.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarni qo‘shma tayyorlov bo‘yicha jangovar-o‘quv markazlarini yaratish va ularning faoliyati to‘g‘risidagi Rossiya-Belarus kelishuvini ratifikatsiya qilish jarayoni yakunlanmoqda. “Belarus kelishuvni iyul oyida ratifikatsiya qilgan”, — deb eslatdi diplomat.
Polishukning ta’kidlashicha, hozirda deyarli barcha turdagi qo‘shinlar uchun bunday markazlarni yaratish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Ular Rossiyada ham, Belarusda ham harbiy qismlar bazasida faoliyat yuritadi.
Iyul oyi o‘rtalarida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya bilan harbiy xizmatchilarni birgalikda tayyorlash bo‘yicha jangovar-o‘quv markazlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi. Hujjat Belaus va Rossiyadagi harbiy qismlar negizida jangovar tayyorgarlik markazlarini yaratish va ulardan foydalanishni tartibga soladi, ularning asosiy vazifalari va ushbu markazlarni har tomonlama ta’minlashni tashkil etishda mudofaa vazirliklarining o‘zaro hamkorligi tartibini belgilaydi.