Xitoyda yozgi Universiada o‘yinlari boshlandi — O‘zbekistondan dastlabki medal muallifi kim?

Universiada o‘yinlarida dunyoning 119 ta davlatidan 5100 nafardan ziyod talaba-sportchi ishtirok etadi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Xitoyda XXXI yozgi butunjahon Universiada o‘yinlarining ilk musobaqalari boshlandi.Bu haqda Yoshlar siyosati va sport vazirligi xabar berdi.
Kecha Xitoy Xalq Respublikasining Chendu shahrida XXXI yozgi butunjahon Universiada o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Universiada o‘yinlarida dunyoning 119 ta davlatidan 5100 nafardan ziyod talaba-sportchi 18 ta sport turidagi 269 ta medallar jamlanmasi uchun bahs olib boradi.
Xitoyda XXXI yozgi butunjahon Universiada o‘yinlarining ilk musobaqalari boshlandi
Milliy olimpiya qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi birinchi kundayoq dastlabki medalini qo‘lga kiritdi. Unga ko‘ra, dzudo bellashuvlarida -60 kg vazn toifasida bahs olib borgan Kamoliddin Baxtiyorov bronza medaliga ega chiqdi.
Kamoliddin Baxtiyerov
"U Universiadada delegatsiyaning dastlabki medaliga mualliflik qildi", deyiladi xabarda.
Mazkur Universiada musobaqalarida O‘zbekiston talaba-sportchilari 7 ta sport turida ishtirok etadi.
Taekvondo sport turidan 14 nafar, dzudo 14, gimnastika 3, tennis 6, yengil atletika 7, ushu 5, qilichbozlik sport turida 20 nafar sportchi medallar uchun kurash olib borishi belgilangan.
Bugun kun davomida 10 nafar sportchi musobaqalarda ishtirok etishga kirishadi. Jumladan, tennis sport turida Nasiba Espolova va Omina Valixanova yakkalik bahsining dastlabki bosqichida ishtirok etsa, ushu sport turida Darya Latisheva nandao dasturida, Aziz Qaxramonov changkuan dasturida chiqish qiladi.
Universiada o‘yinlarining dzudo musobaqalarida Fotimaxon Tursunboyeva 48 kilogrammda, Gulxayo Jurayeva 52 kilogrammda, Yulyana Maksetbayeva 57 kilogrammda, Abduraxim Nutfulloyev 66 kiloda medallar uchun kurash olib boradi.