TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Nogironligi bor shaxslar uchun "To‘siqsiz turizm" dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar berdi.
Kelasi yilning 1-yanvaridan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “To‘siqsiz turizm” dasturi amalga oshiriladi.
Bu haqda prezidentining "Turizm yo‘nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qarorida ko‘zda tutilgan.
"Dastur doirasida har yili “Sayohat barcha uchun!” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 1000 nafardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning respublikaning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan shaharlariga bepul sayohatlari tashkil qilinadi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, turizm, madaniy meros, konsert-tomosha obyektlari hamda aeroport, avto va temir yo‘l vokzallarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun zarur infratuzilma yaratish mexanizmlari joriy qilinadi.