Avgustdan ish stajiga ega bo‘lmaganlarga beriladigan nafaqa miqdori oshiriladi

Ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga, bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori 568 000 so‘m etib belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Ish stajiga ega bo‘lmaganlarga beriladigan nafaqa miqdori oshiriladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan PF–120-sonli farmonda nazarda tutilgan.
Farmonga ko‘ra, 2023-yil 1-avgustdan:
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 568 000 so‘m;
ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 568 000 so‘m;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 568 000 so‘m.
Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 568 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 198 000 so‘m etib belgilanadi;
Qolaversa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 568 000 so‘m etib belgilanib, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.