TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda aholining barcha tezkor va shoshilinch xizmatlarga murojaatlarini operativ hal qilish maqsadida yagona 112 tezkor raqami va dispetcherlik tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda 28-iyul kuni Farg‘onada Shavkat Mirziyov ishtirokida o‘tayotgan Ichki ishlar vazirligi kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, bu tizim 2024-yil 1-yanvardan Toshkent shahrida, 1-iyulga qadar vodiy viloyatlarida, kelasi yil yakuniga qadar esa barcha tuman va shaharlarda ishga tushirilishi shart.
Shu orqali navbatchilik qismlari faoliyati ham tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.
Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklariga ikki oy muddatda har bir viloyat-tuman-mahalla kesimida ijtimoiy va kriminogen muammolarni raqamlashtirish orqali "Ijtimoiy vaziyat" axborot tizimini ishga tushirish topshirildi.
Bunda aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan ijtimoiy muammolarning yagona reyestri shakllantiriladi, mas’ul idoralarning kuchi muammoga qarab manzilli yo‘naltiriladi.
Bundan buyon viloyat va tuman ichki ishlar rahbarlari har oyda kamida bir marta tuman va shahar kengashlariga jinoyatchilik ahvoli bo‘yicha hisobot berishi belgilandi.