Rossiya O‘zbekiston bilan bojxona xizmatlari to‘g‘risidagi bitimni ma’qulladi

Mazkur bitim 2022-yil 2-dekabr kuni Samarqand shahrida imzolangan.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Rossiya Federatsiya kengashi o‘zining yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi bojxona xizmatlari vakolatxonalarini ochish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Bitim 2022-yil 2-dekabr kuni Samarqand shahrida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida imzolangan edi.
Bojxona xizmati vakolatxonasi quyidagi vazifalarni bajaradi: bojxona masalalarini tartibga solishda o‘z davlatining bojxona xizmati manfaatlarini ifodalaydi, davlatlar o‘rtasida bojxona hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashadi, bojxona sohasida davlatlarning xalqaro shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etadi.
Shuningdek, vakolatxonalar ikki davlat bojxona sohasidagi normativ-huquqiy bazani yaqinlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Bojxona xizmatlari mansabdor shaxslarining kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishni tashkil etish masalalarini kelishishda ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, 13-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Rossiya bojxona xizmatlari vakolatxonalarini ochish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlagan edi.