TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Italiyaning "Kalyari" klubi o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovni "Roma"dan ijaraga oldi. Bu haqda "Kalyari" futbol klubi matbuot xizmati xabar berdi.
“Roma” klubi ham Shomurodov ijara asosida yangi jamoaga o‘tganini tasdiqladi. “Kalyari” o‘zbekistonlik futbolchini keyinchalik sotib olish huquqi bilan o‘z safiga qo‘shgan.
Insayder Janluka Di Marsioning yozishicha, "Kalyari" ijara uchun 1 million yevro to‘laydi va hujumchini sotib olish qaroriga kelsa, 9 million to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Shomurodov 28 yoshda, u O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida turli turnirlarda 65 ta o‘yin o‘tkazgan. Shomurodov Rossiyada 2017-yildan 2020-yilgacha “Rostov” safida to‘p surgan. 2020-yil 1-oktabrda Italiyaning “Jenoa” klubiga o‘tdi. 2021-yil 2-avgust kuni “Roma” futbolchi tranferini e’lon qildi. Shartnoma summasi 17,5 million yevroni tashkil qildi. 2023-yil 30-yanvar kuni Shomurodov ijara asosida Italiyaning “Spetsiya” klubi safiga o‘tdi.
“Kalyari” (Cagliari Calcio SpA) — 1920-yilda tashkil etilgan Italiya professional futbol klubi. 2023/24 yilgi mavsumdan boshlab u Italiya A Seriyasida o‘ynaydi. Uy stadioni "Sardiniya Arena". Jamoa bosh treneri Klaudio Ranyeri.