Toshkent toza havoli megapolislardan biriga aylantiriladi — tafsilotlar

Toshkent shahrida qo‘shimcha 4 ming gektar yashil hududlar tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Toshkent toza havoli megapolislardan biriga aylantiriladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan PF–112-sonli farmonda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobonlar va bulvarlar qiyofasini o‘zgartirish, yashil hududlarni keskin ko‘paytirish orqali poytaxtni toza havoli megapolislardan biriga aylantirish Toshkent shahrini 2030-yilgacha rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Shunga ko‘ra, Toshkent shahrida qo‘shimcha 4 ming gektar yashil hududlar tashkil etiladi.
Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash tartibi 2027-yil 1-yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida joriy etiladi.
Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi etib qayta nomlandi.
Farmon bilan davlat va tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.