TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Rublning qadrsizlanishi tufayli O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilga nisbatan kamayishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov tomonidan qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2023-yilda pul o‘tkazmalari 11,5 milliard dollargacha kamayishi mumkin.
O‘zbekistonga qariyb 80 foizga yaqin pul o‘tkazmalari Rossiyadan keladi.
"Biz 2022-yildagi yuqori baza effekti, shuningdek, rublning qadrsizlanishi tufayli xalqaro pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilga nisbatan kamayishini prognoz qilamiz. Yil oxirida biz 11-11,5 milliard dollar kutmoqdamiz, shundan 80 foizi Rossiyadan", dedi Nurmuratov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga 2023-yilning birinchi yarmida 5,2 milliard dollarlik pul o‘tkazmalari jo‘natildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,2 foizga kamdir.