Qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi

Shaxsning tanasida aniqlangan jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar yuzasidan prokuratura tergovga qadar tekshiruv o‘tkazadi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. IIV tegishli qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
“O‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi to‘g‘risida sudning ajrimi qabul qilingan shaxs tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin davlat sog‘likni saqlash muassasasida unda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilganligi natijasida olingan jarohatlarni, shikastlanishlarni va yaralarni aniqlash maqsadida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi”, - deyilgan hujjatda.
Majburiy tibbiy ko‘rik davomida shaxsda jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar mavjudligi yoki mavjud emasligi tekshiriladi hamda majburiy rentgenoflyurografik tekshiruvidan o‘tkaziladi.
Majburiy tibbiy ko‘rik davomida shaxsning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda ular belgilangan tartibda qayd etiladi. Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgan shaxsga va uning advokatiga ma’lum qilinadi, shuningdek zudlik bilan nazorat qiluvchi prokuratura organlariga hamda O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) va/yoki uning mintaqaviy vakiliga xabar beriladi.
Majburiy tibbiy ko‘rik davomida shaxsning tanasida aniqlangan jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar yuzasidan prokuratura organlari tergovga qadar tekshiruv o‘tkazadi.
Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan shaxs tergov hibsxonasiga topshiriladi.
Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi tibbiy xulosasi bo‘lgan shaxsni tergov hibsxonasiga qabul qilishda boshqa tibbiy hujjatlarni talab qilish yoki qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlarni o‘tkazishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan ushlangan qidiruvda yurgan shaxslarga ham amal qiladi.