TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Toshkent shahrining yettita tumanining ayrim hududlarida elektr energiyasiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatildi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati ma’lum qildi.
Cheklov Yashnobod, Olmazor, Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Chilonzor va Sergeli tumanlarining ayrim ko‘chalarida joriy etilgan. Ta’kidlanishicha, bu chora shahar energetika tizimidagi yuklama oshishiga olib kelgan jazirama issiq tufayli ko‘rilgan.
Kompaniya cheklov elektr uzatish liniyalari, nimstansiyalar va elektr uzatish moslamalarida yirik avariyalarning oldini olishga qaratilganini aytmoqda.
Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, elektr ta’minoti tarqatish punktlari soviganidan so‘ng qayta tiklanadi.