Rossiyada ishlayotgan migrantlar yordam uchun kimga murojaat qilishi mumkin?

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yig‘ma tahlil boshqarmasi boshlig‘i Rossiyada ishlayotgan migrantlar yordam uchun kimga murojaat qilishi haqida ma’lumot berdi.
Sputnik
TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolsa, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalariga, shuningdek, respublikaning Rossiyadagi konsulliklariga, elchixonalariga, Tashqi mehnat migratsiyasi agentiligi bilan hamkorlik shartnomalariga ega ko‘plab vakolatli organlarga murojaat qilish mumkin, dedi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yig‘ma tahlil boshqarmasi boshlig‘i Azim Ahmatov.
Tashqi mehnat migratsiya agentligining 19 ta mamlakatda vakolatxonalari bo‘lsa, shundan 16 tasi Rossiya Federatsiyasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Chunki hududning kattaligi, mehnat migrantlarining ko‘pligi sababli bu masalada ham alohida yondashilib, ularning huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, moddiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mabodo mehnat migranti Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolsa, agentligimizning vakolatxonalariga, shuningdek, respublikaning Rossiyadagi konsulliklariga, elchixonalariga, Tashqi mehnat migratsiyasi agentiligi bilan hamkorlik shartnomalariga ega ko‘plab vakolatli organlarga murojaat qilishi mumkin.
Ikkinchidan, Rossiyaning chekka hududlarida vaqtincha mehnat qilayotgan migrantlar "Rostrud" - Rossiya davlat tashkiloti hududiy bo‘linmalariga murojaat qilishlari mumkin.
O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2022-yilda Rossiyaning “Rostrud” tashkiloti bilan memorandum imzolandi. Ushbu shartnomada mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari agentlikning Moskvadagi vakolatxonasi huzurida migrantlar bilan ishlash bo‘yicha alohida markaz tashkil qilingan. Shu bilan birga agentlik tomonidan 18 ta yuridik advokatlar bilan hamkorlik shartnomasi tuzilgan. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan alohida Call-markazi bor. U orqali doimiy murojaatlar qabul qilinadi.
Misollarda keltiradigan bo‘lsam, yaqin kunlarda bo‘lgan holat: o‘zbekistonlik mehnat migranti ish jarayonida jabrlangani, mayib bo‘lgani sababli, unga 700 ming rubldan ko‘proq kompensatsiya puli undirib berildi.
Bundan tashqari, o‘rnatilgan qonunchilik talablaridan tashqari, ushbu migrant O‘zbekistonda bo‘lsa ham o‘rnatilgan tartibda umri davomida bank kartasiga oyma-oy kompensatsiya puli tushirilishiga erishildi.
Mavzuga doir materiallar:
“Zagranpasport” yo‘qolganda O‘zbekistonga qanday qaytish mumkin? — ekspert javobi
Migrantlar eng ko‘p so‘ragan savollarga javoblar
Migrantlar oila a’zolari uchun qanday imtiyozlar bor?