O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemik vaziyat barqaror – Sanepidqo‘mita

Ta’kidlanishicha, kovid aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida qayd etilishi kuzatilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemik vaziyat barqaror. Bu haqda mamlakat Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi (Sanepidqo‘mita) ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada joriy yil 25-iyul holatiga koronavirus bilan kasallanganlar soni 255 193 nafarni tashkil etib, ulardan 253 235 nafari (99,0 foiz) sog‘aygan.
“Bugungi kunda respublikamizda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat barqaror”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, koronavirus infeksiyasi va o‘tkir respirator infeksiyalarni miks-infeksiya kasalligi sifatida, aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida qayd etilishi kuzatilmoqda.
Respublikada koronavirus infeksiyasi ustidan epidemiologik nazorat va koronavirusga qarshi emlash jarayoni davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 4-may kuni COVID-19 pandemiyasini yakunlanganini e’lon qilgan edi. Shu bilan birga kasallanishdan himoyalanish choralari davom ettirilishi lozim.
Pandemiya boshlangan kundan boshlab joriy yilning 25-iyul holatiga dunyoda 692,1 mln nafardan ortiq kishida koronavirus aniqlangan va ulardan 6,9 mln nafari (0,9 foiz) vafot etgan.