Xitoyda “O‘zbek tili do‘stlari” klubi tashkil etildi

Klub o‘zining birinchi yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish bo‘yicha ham fikr yuritildi.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi huzurida “O‘zbek tili do‘stlari” klubi tashkil etildi, deya xabar berdi “Dunyo” AA.
Qayd etilishicha, klub o‘zining birinchi yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda elchixona xodimlari va Xitoy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etishdi.
Tadbirda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi, Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi va ularda belgilangan vazifalar muhokama etildi. Shuningdek, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish bo‘yicha ham fikr yuritildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi chop etilgan. Mazkur to‘plam 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalaridan iborat.