TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. “Rossiya temir yo‘llari” kompaniyasi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida muzlatgichli konteynerlarni tashishda 21,4 foizlik chegirma belgiladi. Bu haqda RIA Novosti kompaniyaga tayanib xabar berdi.
“Rossiya temir yo‘llari” (RJD) boshqaruvi temir yo‘lga qo‘shimcha yuk hajmlarini jalb qilish bo‘yicha tarif qarorlarini qabul qildi.
Shunday qilib, Selyatino (Moskva viloyati) – Sergeli (O‘zbekiston) yo‘nalishi bo‘yicha Kanisay chegara bekati orqali, qarama-qarshi yo‘nalishda esa – “Ozinki” stansiyasi orqali muzlatgichli konteynerlarda tashish uchun 21,4 foiz chegirma belgilandi.
Bundan tashqari, endilikda yengil avtomobillarni Rossiya bo‘ylab ixtisoslashtirilgan vagonlarda Uzoq Sharqdan Moskva temir yo‘li stansiyasigacha olib o‘tish uchun 33,75 foizlik chegirma Naxodka va Ussuriysk stansiyalaridan jo‘natiladigan yuklarga ham tatbiq etiladi.
"Qolaversa, yil oxirigacha Krasnoyarsk, Sharqiy Sibir va Transbaykal temir yo‘llari stansiyalaridan Ussuriysk stansiyasigacha bo‘lgan vagonlarda qog‘oz chiqindisini tashishda 50 foizlik chegirma berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi", - deyilgan xabarda.