TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Dubaydan O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga sayyohlar jalb etiladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Dubay shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Amirliklarda faoliyat yurituvchi “SYSTEM HOLIDAYS” LLC sayyohlik shirkati mudiri Ravshan Zakirov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
"Uchrashuvda tomonlar sayyohlik shirkati bilan O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olishdi", deyiladi xabarda.
Tadbirda O‘zbekistonga sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish va ularning talablaridan kelib chiqib, yangi turizm xizmatlarini o‘z ichiga olgan maxsus turpaketlar ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi ko‘hna shaharlarda sayohatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, urf-odatlari va an’analarini keng targ‘ib etish, mamlakatga xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirishdan iborat.