TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqin kelajakda Ozarbayjonga davlat tashrifi bilan boradi. Bu Shavkat Mirziyoyevning ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyev bilan telefon suhbatidan ma’lum bo‘ldi.
Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar tilagan.
Suhbat davomida Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona va birodarlik munosabatlari jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro yuqori darajadagi tashriflarning muhimligi qayd etildi.
“Davlat rahbarlari aloqalarimizni har tomonlama yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar, yaqin kelajakda Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi kutilayotganini ta’kidlashdi”, - deyilgan xabarda.
Aliyev va Mirziyoyev bu tashrif ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘lishiga ishonch bildirgan.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbatda bo‘lajak oliy darajadagi sammitga qadar qat’iy kelishuv va bitimlar to‘plamini shakllantirish muhimligi ta’kidlangan.
Yetakchilar faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratishgan.