Markaziy Osiyo yetakchilari Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan qutlashdi

O‘zbekiston prezidenti tavallud kuni munosabati bilan qutlovlar olmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. Bugun 66 yoshni qarshi olayotgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Markaziy Osiyo yetakchilari tug‘ilgan kuni bilan tabriklashdi va unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tilashdi.
Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Ular O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.
Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda o‘zaro savdoni ko‘paytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa muhim yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
“Shovot-Toshovuz” chegaraoldi erkin savdo zonasini barpo etish bo‘yicha birgalikdagi ishlarning ilk natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan suhbatda bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibini aniq amaliy mazmun bilan boyitish masalalarini muhokama qildi.
Yetakchilar ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni yanada faollashtirish, jumladan, qo‘shma ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish, yoshlarni keng jalb qilgan holda madaniy va sport tadbirlarini uyushtirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.
Mintaqaviy sheriklik, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari va Orolni qutqarish xalqaro fondi doirasidagi hamkorlikka oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan suhbatda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdi.
Sanoat, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va elektrotexnika tarmoqlarida, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamda hamkorlikning boshqa sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishda erishilayotgan natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida yangi savdo va investitsiya loyihalari to‘plamini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan suhbatda yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdi.
Hukumatlararo komissiyaning Toshkent shahrida va qo‘shma Ishchi guruhning Ostona shahrida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishlarining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish, sanoat tarmoqlari va infratuzilma sohasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, qo‘shma madaniy tadbirlarni muntazam o‘tkazish orqali faol gumanitar almashinuvni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi, bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlar rejasi ko‘rib chiqildi.