Hafta davomida qanday ob-havo kuzatiladi

Kunduz kunlari harorat +39…+42 darajaga, janubda va cho‘l hududlarda +43…+44 darajaga yetadi.
Sputnik
TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. O‘zgidromet 24−28 iyul kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Boshlangan haftaning katta qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduz kunlari harorat +39…+42 darajaga, janubda va cho‘l hududlarda, shuningdek, 24−25 iyul kunlari respublika shimolida ba’zi joylarda +43…+44 darajaga yetadi.
27 iyulb kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga, 28-iyulda respublikaning barcha hududlariga Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keladi va harorat 35…+38 darajagacha, janubda +40…+42 darajagacha biroz pasayadi.
Bunday harorat hafta oxirida ham saqlanib turadi.
Shimolda, janubda va cho‘l hududlarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha, ayrim joylarda 20−22 m/m gacha kuchayishi, chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Tog‘li hududlarda 24-iyulda kunning ikkinchi yarmida va hafta oxirida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Poytaxtda 24−27 iyul kunlari havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi. Harorat 24−27 iyulda +39…+42 daraja, 28-iyulda +38…+40 daraja bo‘ladi.
O‘zgidrometning ma’lum qilishicha, bu haftada kunlar issiq bo‘lishiga qaramay, havo harorati o‘tgan yillarda o‘rnatilgan rekord ko‘rsatkichlarga yetib bormaydi. Respublika hududining katta qismida eng issiq iyul oylarida maksimal havo harorati +43…+46 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +47…+49 darajani tashkil etgan.