Yosh farzandlilarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi

Yangi o‘quv yilidan qator sohalardagi kasb va mutaxassisliklarda o‘qish istagida bo‘lgan xotin-qizlar to‘liq davlat granti asosida ta’lim oladi .
Sputnik
TOShKENT, 23-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan kollej va texnikumlar o‘quvchi-qizlariga masofaviy o‘qish imkoniyati yaratiladi. Tegishli huqumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Hujjat ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb va mutaxassisliklarda o‘qiydigan 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan o‘quvchi-qizlarga, ularning murojaati asosida masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladigan kasb va mutaxassisliklar ro‘yxatini tasdiqlaydi. Bunga bir oy muddat beriladi.
Shuningdek, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb va mutaxassisliklarda o‘qish istagida bo‘lgan xotin-qizlar to‘liq davlat granti asosida ta’lim oladi hamda ularning xarajatlari to‘liq davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.