TOShKENT, 23-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda sinov tarzida talabalar uchun “universal bank kartalari” yaratiladi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov bu masalani "Aloqabank" boshqaruv raisi Kommuna Irisbekova muhokama qildi.
Bank kartalaridan foydalanish talabalarga quyidagi imkoniyatlarni beradi:
guvohnoma sifatida foydalanish;
yotoqxonalar, kutubxonalar, sport majmualariga kirish;
onlayn mikroqarzlarni rasmiylashtirish;
omonatlar va elektron hamonlar ochish;
pul o‘tkazmalarini amalga oshirish;
xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilish;
masofaviy bank xizmatlarining barcha turlaridan foydalanish.
Yakunda tomonlar “Talabaning universal bank kartasi” tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma qarorni imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan "Talaba kartasi" tajriba sinov loyihasini amalga oshirish belgilangan. Muddat 2024-yil avgust oyi ko‘rsatilgan.