TOShKENT, 23-iyul — Sputnik. 21 iyul kuni “Ma’muriy islohotlar doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida har bir investorga loyiha ishga tushirilgungacha barcha bosqichda hamrohlik qiladigan, xususan yer olish, infratuzilmaga ulanish, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish kabi masalalarni hal qilib boradigan “investitsiya menejerlari” biriktiriladi.
Farmonga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi;
Vazirlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sanoat va tashqi bozorlarni tahlil qilish markazi;
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tizimida Investorlar markazi;
Eksportni rag‘batlantirish agentligi tizimida Eksportchilar markazi.
2023 yil 1-dekabrgacha Elektron kooperatsiya portali negizida O‘zbekiston Milliy sanoat portali yaratiladi.
“GSP+” tizimi imtiyozlari qo‘llanilishiga doir ma’lumotlar olish, sinov laboratoriyalarini (shu jumladan, veterinariya, o‘simliklar karantini, sanitariya-epidemiologiya sohalarda) erkin tanlash, sinov bayonnomalarini elektron rasmiylashtirish imkonini beradigan “E-sertifikat” axborot tizimi ishga tushiriladi.
“Shtrixli kodlash va axborot texnologiyalari markazi” davlat korxonasining O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan tovarlar shtrixli kodlarining davlat reyestrini yuritish monopol funksiyasi bekor qilinadi.
2023 yil 1-avgustdan 20 ta vazirlik va idoralarda (quyida ro‘yxati keltirilgan) yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha “loyiha ofislari” tashkil etiladi.
Shuningdek, bino-inshootlar xarid qilish va ijaraga olish uchun kreditlar Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Sanoat ipotekasi” tizimi asosida ajratiladi.