Sog‘liqni saqlash vaziri yosh olimlarga 50 mln so‘mdan pul mukofotlari berdi — ular kimlar?

O‘zbekistonda 30 yoshgacha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan yosh tibbiyot olimlariga 50 million so‘mdan pul mukofoti ajratildi.
Sputnik
TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vaziri yosh olimlarga 50 mln so‘mdan pul mukofotlari berdi, deb yozmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Aytilishicha, 30 yoshgacha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan yosh tibbiyot olimlariga 50 million so‘mdan pul mukofoti ajratildi.
“Ilm-fan yutuqlari har bir soha uchun muhim. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida bunga ehtiyoj juda katta. Negaki, tibbiyot bo‘yicha ixtiro va kashfiyotlar insonlar hayotini asrab qolish, umrini uzaytirish va salomatligini tiklashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli”, deyiladi xabarda.
Shu bois Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish va soha olimlarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida tizimda 30 yoshgacha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan olimlarni taqdirlashga qaror qildi.
Ular quyidagilar:
Muminov Davron Kadirovich— 1990-yilda tug‘ilgan. 2014-yili Toshkent tibbiyot akademiyasining bakalavriat, 2017-yili Toshkent pediatriya tibbiyot institutining magistratura yo‘nalishini tamomlagan. 2020-yilda tibbiyot fanlari bo‘yicha nomzodlik (PhD) va 2021-yilda doktorlik (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan. Ayni paytda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida dotsent lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Rashidov Rustam Abdurasul o‘g‘li — 1992-yilda tug‘ilgan. 2014-yili Toshkent tibbiyot akademiyasini bakalavriat, 2017-yili magistratura yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 2018-2021 yillar davomida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti sifatida dunyodagi TOP 100 talik ro‘yxatga kirgan Janubiy Koreyaning Yonsey universitetida professor Lee Jae Hoon rahbarligida PhD dasturi bo‘yicha ta’lim olib qaytgan. Rashidov hozirgi kunda Toshkent davlat stomatologiya instituti dotsenti lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Xabilov Behzod Nigmon o‘g‘li — 1993-yilda tug‘ilgan. 2016-yili stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat, 2018-yilda Toshkent davlat stomatologiya institutini magistratura yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 2020-yili tibbiyot fanlari bo‘yicha nomzodlik (PhD) va 2022-yilda doktorlik (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan. Ayni kunda Toshkent davlat stomatologiya instituti Stomatologiya va yuz jarrohligi ilmiy-amaliy markazi direktorining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Tojiyev Feruz Ibodullayevich — 1992-yili tug‘ilgan. 2015-yilda stomatologiya yo‘nalishida bakalavriat, 2017-yilda bolalar stomatologiyasi yo‘nalishida klinik ordinaturani tamomlagan. 2021-yil tibbiyot fanlari bo‘yicha nomzodlik (PhD) hamda 2023-yilda doktorlik (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan. Hozir Toshkent davlat stomatologiya institutida dotsent lavozimida faoliyat yuritmoqda.