TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. “Qamchiq” dovonida “Isuzu” yonib ketdi, deya xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Bugun soat 03:20 da A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining “Rezak” tonnelida “Vodiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan “Isuzu” rusumli yuk avtomobilida yong‘in kelib chiqdi.
Aytilishicha, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib tonnel devoriga urilgan.
“Hodisa tonnelga biriktirilgan mas’ul xodimlar tomonidan aniqlanib, zudlik bilan voqea joyiga “Qamchiq” dovonidagi FVV qutqaruvchilarining 13 nafari, 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va Qutqaruv otradidan 1 ta texnika soat 03:22 da yetib bordi va yong‘in soat 03:27 da o‘chirildi”, deyiladi xabarda.
Shundan so‘ng soat 03:50 da yuk avtomobili “Rezak” tonnelidan olib chiqilib, sovutish ishlari o‘tkazildi.
“Isuzu” avtomobili yukxonasidagi jami 4,2 tonna yukning 95 % maxsuloti yong‘indan saqlab qolindi.
Sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.