Bir yarim yil davomida Kiyev G‘arbning sabr-toqatini sinadi, ammo hamma narsaning chegarasi bor. Vilnyusdagi NATO sammitida AQSh va Yevropa vakillari uzoq vaqt davomida yashirishga urinib kelgan haqiqatlarini ommaga namoyish qildilar.
Sharq — G‘arb
“Politico” nashrining yozishicha, Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles va AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan Vladimir Zelenskiyni bejizga noshukurlikda ayblamadi. Shu yo‘sinda ular Kiyevning Shimoliy Atlantika ittifoqiga qaramligini tan olishini talab qilishdi.
Eslatib o‘tamiz: Uolles Kiyevga tashrifi chog‘ida unga yetarlicha iltifot ko‘rsatishmaganliklaridan shikoyat qilgan. Sallivan esa ukrainalik faolning harbiy yordam yetarli emasligi haqidagi ayblovlariga keskin javob qaytargan. “Amerika xalqi minnatdorchilikka loyiqdir”, dedi u. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiyning haddan tashqari talablari tufayli Jo Bayden tushlikdagi uchrashuvni g‘azab bilan tark etgan.
“Politico” ta’kidlaganidek, Ukraina uzoq vaqtdan beri G‘arb diplomatlarini g‘azablantirgan, ammo bu haqiqat ehtiyotkorlik bilan yashirilgan. Baydenning Zelenskiy bilan suhbatidan noroziligi 2022-yilning iyun oyida nashrlarda ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda Amerika prezidentiga Kongressning Kiyevga milliard dollarlik yordam ko‘rsatishi ma’qullanganidan so‘ng darhol Ukraina rahbari bundan ham ko‘proq harbiy texnika va o‘q-dorilarni talab qilgani xush kelmagan edi. G‘arb bir necha bor Zelenskiyni ittifoqchilarini g‘azablantirmaslikka, vaziyatni mo‘’tadil qilishga da’vat qilgan edi. Aytaylik, u vatandoshlarining ehtiyojlarini yaxshi bilar, ammo NATO va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aholisi nimani xohlashini bilmaydi.
Ukraina rasmiylari nuqtayi nazaridan, ularni tanqid qilish mutlaqo o‘rinsiz. Kiyevda ular butun G‘arb sivilizatsiyasi uchun Rossiyaga qarshi kurashayotganliklariga aminlar, yevropaliklar va amerikaliklar esa o‘zlarining tor milliy manfaatlariga qattiq bog‘langan. Kamtarin va vazmin bo‘lishga chaqiriqlar ko‘plab ukrainaliklarni xafa qildi, deya ta’kidlaydi “Politico” nashri.
Shuningdek, u Ukraina Bosh shtabi rahbari Valeriy Zalujniyning “The Washington Post” gazetasiga bergan intervyusidan iqtibos keltiradi: “Nega men kimdandir dushman hududida nima qilish kerakligini so‘rashim kerak? Bu bizning muammomiz va dushmanni qanday o‘ldirishni o‘zimiz hal qilishimiz kerak”. Bu Amerikaning Rossiyaga zarba berishni taqiqlashi haqida edi.
Biroq G‘arb OAVlari muammo nafaqat Zelenskiy jamoasining xatti-harakatlarida ekanligini tan olishmoqda. Bularning barchasi vaziyatni turlicha baholash bilan bog‘liq. Mamlakat Ukrainadan qanchalik g‘arbda bo‘lsa, ular jang maydonida Rossiya armiyasiga duch kelishdan shunchalik kamroq qo‘rqishadi. Shuning uchun Kiyevga faqat Moskvaning to‘liq mag‘lubiyati kerak, AQSh esa hududni tinchlikka almashish imkoniyatini istisno qilmaydi. UQKning qarshi hujumi barbod bo‘lganligi sababli, Zelenskiyning asoslari tobora kamayib bormoqda.
Shimol — Janub
Ayni paytda, Kiyev rasmiylarining tayanadigan boshqa hech kimi yo‘q. Buni Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasi davlatlari hamjamiyatining Brusselda 50 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan sammiti yaqqol namoyon etdi. Yevropaliklar Xitoydan xomashoga qaramlikni kamaytirmoqchi va muqobil yo‘llarni izlamoqda. Shu bilan birga, xitoyliklar allaqachon Janubiy Amerika qit’asi bilan savdo hajmi bo‘yicha Yevropa Ittifoqini ortda qoldirgan. Tashabbusni qayta qo‘lga kiritish uchun YeI yaqin to‘rt yil ichida “Global shlyuz” dasturi doirasida mintaqaga 45 milliard yevro sarmoya kiritishga tayyor – Pekinning “Bir kamar — bir yo‘l” loyihasiga javob.
Va’dalarga qaramay, sammitdagi muhit unchalik ijobiy emas edi. Muammoli muzokaralrga, kutilganidek, Ukraina mojarosi sabab bo‘ldi. Yevropaliklar yakuniy deklaratsiyada Rossiyani keskin qoralashni xohlashdi, biroq Janubiy Amerika yetakchilarining aksariyati bunga qarshi chiqdi. Oxir-oqibat, Brussel urush “insoniyatga katta azob-uqubatlar olib keladi va jahon iqtisodiyotida beqarorlikni kuchaytiradi” deb ta’kidladi. Matnda Moskva umuman tilga olinmagan.
Bundan tashqari, Avstriya kansleri Karl Nexammer Braziliya prezidenti Lula da Silvaning tinchlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday takliflar muhim, chunki urush bir kun kelib tugashi kerak. Braziliya rahbari nuqtayi nazaridan, Rossiya–Ukraina qarama-qarshiligiga aloqador bo‘lmagan barcha davlatlar muzokaralarni ilgari surish uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari mumkin. Bundan tashqari, Moskvaga “minimal shartlar” taqdim etilishi kerak.
Yo‘l yo‘q
RIA Novosti bilan suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, tinchlik uchun hududlar almashinuvi haqiqatga yaqin ssenariy. Kiyevda bu haqda nima deyishlari esa muhim emas.
“Agar UQK bundan keyin ham qarshi hujumda muvaffaqiyatga erisha olmasa, muzokaralar boshlanmaydi. Front chizig‘i o‘zgarishsiz qoladi va AQSh ga bu ma’qul keladi. Ammo Rossiya hujumga o‘tsa va Ukraina davlatchiligini yo‘q qilish xavfi tug‘ilsa, G‘arb Moskva bilan muloqotga kirishadi. Shuningdek, tinchlik uchun hudud almashish masalasi ham ko‘rib chiqiladi”, — fikr bildirdi siyosatshunos Rostislav Ishenko.
“Yevropaliklar hech qachon Ukraina uchun pul to‘lashni xohlamagan, biroq ularning fikrini hech kim so‘ramaydi”, — deya qo‘shimcha qildi ekspert. Biroq ular va Kiyev rejimi o‘rtasida mojaro bo‘lishi mumkin emas, chunki ikkala tomon ham Vashingtonga bog‘liq. “Shuning uchun muzokaralar Rossiya va AQSh o‘rtasida bo‘lishi kerak, Ukraina esa shunchaki aytganini qiladi”, — deya xulosa qiladi u.
Siyosatshunos Aleksandr Dudchakning qayd etishicha, Kiyev rejimi faqat “Ze jamoasi” bilan cheklanmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosiy elita hatto quvg‘indagi hukumatni boshqarish uchun chet elga qochishga ham rozi bo‘lishi mumkin. Mahalliy tadbirkorlar, aksincha, agar ularga aktivlar xavfsizligi kafolatlangan bo‘lsa, har qanday hukumat ostida faoliyat yuritishga tayyor. “Ehtimol, ukrainaliklarning bir qismi oxirigacha kurashmoqchidir, ammo agar rasmiy tashviqot o‘zgarsa, ular ham o‘z fikrini o‘zgartirishi mumkin”, — deb hisoblaydi ekspert.
Shu bilan birga, u jamoaviy G‘arbga Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik haqiqatan ham kerak emasligiga amin. Agar Kiyev rejimining homiylari janglar ularning iqtisodiy manfaatlariga juda ziyon yetkazadi, deb qaror qilsalar, mojaroning muzlatilishi ehtimoli ko‘proq.