TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. O‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 1 milliondan oshdi, deya xabar berdi Ta’lim nazorati.
Qayd etilishicha, 20-iyul holatiga OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 1 018 007 nafarga teng bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, kecha o‘qishga topshirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tishning so‘nggi kuni edi. Shunga qaramay, to‘lovdan ozod qilinganlar toifasiga kirmaydigan abituriyentlar 21-iyul kuni soat 23:59 ga qadar to‘lovni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari katta sig‘imli binolarda o‘tkaziladi. Bunda test sinovlarini o‘tkazish uchun 92 ta bino tanlab olingan bo‘lib, bir smenada 44 ming nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
2022 yilda OTMlarga kirish uchun jami 1 mln 214 ming 232 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ularning 67 foizi avvalgi yillar bitiruvchilari hisoblanadi. Abituriyentlarning yarmidan ko‘pi kunduzgi ta’limni, 8,3 ming nafari esa masofaviy ta’limni tanlagan.