Sirdaryoda it tishlagan fuqaro vafot etdi

64 yoshli erkakni fevral oyida o‘zining iti chap oyoq boldir sohasini tishlagan. Biroq u shifokorlarga murojaat qilmagan.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida 64 yoshli erkak o‘zining iti tishlashi oqibatida vafot etdi. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi axborot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 18-iyul kuni soat 19:20 da quturish kasalligiga gumon qilinib, 64 yoshli A.S.(erkak) yotqizilgan. Uni fevral oyida o‘zining 3 yoshli, qora rangli iti chap oyoq boldir sohasini tishlagan. Fuqaro iyul oyigacha bo‘lgan vaqt davomida tibbiyot muassasasiga murojaat qilmagan.
Davo muolajasiga qaramasdan, bemor 19-iyul kuni soat 21:35 vafot etgan. Undan namuna olish uchun patologik anatomiya tekshiruviga jo‘natilgan.
Ta’kidlanishicha, marhumga jarohat yetkazgan itni boshqa fuqarolarga jaroxat yetkazganini o‘rganish va kasallikni oldini olish maqsadida marhum yashash manzilida shtab tashkil etilgan. Tibbiyot xodimlaridan iborat 10 ta guruh tuzilib 32 nafar tibbiyot xodimlari xonadon aylanish tadbirlariga jalb etilgan.
Sanepid qo‘mitaning Boyovut tumani bo‘limi 10 nafar xodimlari epidemiologik surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarma ma’sullari va tuman mutaxassislari xonadonlardagi itlarni, mushuklarni qutirish kasalligiga qarshi emlamoqda.
It tishlashidan qanday himoyalanish borasida mutaxassislar bergan tavsiyalar bilan quyida tanishish mumkin.