Qabul-2023: bugun so‘nggi kun

Bugun o‘qishga topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tishning so‘nggi kuni.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Bugun o‘qishga topshirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tishning so‘nggi kuni. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Abituriyentlar bugun soat 23:59 ga qadar my.uzbmb.uz yoki my.gov.uz saytlari orqali OTMlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari, shuningdek, tanlagan ta’lim yo‘nalishlarini o‘zgartirishlari mumkin.
Shuningdek, to‘lovdan ozod qilinganlar toifasiga kirmaydigan abituriyentlar 21-iyul kuni soat 23:59 ga qadar to‘lovni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
“Ro‘yxatdan o‘tish uchun so‘nggi soatlarni kutmang! Tezroq bir qarorga kelib, imkon boricha ertaroq ro‘yxatdan o‘ting! Test sinovi uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshiring!”, deyiladi xabarda.
Vazirlik abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tishda tanlov ustuvorligi, maqsadli qabul, ta’lim shakli, ta’lim tili, yo‘nalishlar ketma-ketligi, chet tili va test topshirish hududini tanlashda e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.