TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Ozarbayjon yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan ikki davlat o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning o‘n ikkinchi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilish O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov raisligida bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga alohida e’tibor qaratildi.Energetika va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
“Yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun ikki mamlakat iqtisodiyotlari yetarli salohiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi”, - deyilgan xabarda.
Tadbir yakunida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 12-yig‘ilishi bayonnomasi hamda erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi boshqa bir qator hujjatlar imzolandi.
2022 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,5 baravarga, joriy yil boshidan buyon esa bu ko‘rsatkich 16 foizga oshdi. Xususan, Ozarbayjonga to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berish hajmi 2,6 baravar, mexanik uskunalar yetkazib berish 19,7 foiz, shisha va shisha buyumlar yetkazib berish 76 foizga oshdi.
So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni 4 baravarga oshdi. Ikki yil ichida 40 ga yaqin korxona ishga tushdi. O‘z navbatida, Ozarbayjonda O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 70 dan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakat hukumati delegatsiyasi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev qabulida bo‘lgani xabar qilingan edi.