TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan samitda “Ko‘rfaz – Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini yaratishni taklif qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
O‘zbekiston prezidenti sammitdagi nutqida sayyohlar va sayyohlik operatorlari uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.
Takliflar:
“Ko‘rfaz – Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini yaratish;
Turistlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish;
Qo‘shma turistik mahsulotlarni ko‘paytirish.
Shuningdek, 2024-yilda Islom dunyosi turizm poytaxti, deb e’lon qilingan Xiva shahrida mintaqalar yetakchi sayyohlik operatorlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 19-iyul kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi. Sammitda Mirziyoyev Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.