TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Agarda mehnat migrantining oilasi ijtimoiy himoya reyestrida tursa, oilasiga hokim yordamchisi tavsiyasiga ko‘ra, BHMning 2 baravari miqdorida bir martalik yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yildi, dedi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yig‘ma tahlil boshqarmasi boshlig‘i Azim Ahmatov Sputnik muxbiriga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar migrantning nogiron oila a’zosi bo‘lsa, ularga zarur vositalarni xarid qilish uchun beg‘araz yordam berish yo‘lga qo‘yilgan. Vositalarni sotib olish uchun oilasiga BHMning 5 barovar miqdorida moddiy yordam ajratiladi.
Shuningdek, migrantning o‘zi bilan birga yashaydigan pensioner ota-onasi yoki oilasida nogiron bo‘lsa, Kasaba uyushmasi federatsiyasi qoshidagi sanatoriylarga bir yilda bir marta dam olish uchun yo‘llanma beriladi.
Yoshlar yetakchisi tavsiyasiga asosan, migrant farzandlarini oromgohlarga bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan.