Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlarining navbatdagi uchrashuvi Samarqandda o‘tkaziladi

Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan sammitda ishtirokchilar navbatdagi uchrashuvni O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlashdi.
Sputnik
TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuv Samarqand shahrida o‘tkaziladi, deya xabar berdi O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi.

"Sammit ishtirokchilari O‘zbekistonning “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvni Samarqand shahrida o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlashdi", - deyiladi xabarda.

Sammitda biznes vakillari ishtirokida Qo‘shma investorlar kengashini ta’sis etish va uning dastlabki yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

"Mintaqamizda Ko‘rfazdagi hamkorlar tomonidan tashkil etilgan investitsiya fondlarining salohiyatidan samarali foydalanish va yetakchi banklar faoliyatini kengaytirishdan manfaatdormiz. Shuningdek, “yashil” energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish muhim, deb hisoblayman", – dedi Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan sammitda Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.