TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) 20 yoshli bloger Asad Algo (Asadbek Arzikulov) o‘limiga oid tafsilotlarni ma’lum qildi.
IIBB xabariga ko‘ra, 19-iyul kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga 2002-yilda tug‘ilgan Asadbek Arzikulov bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh subdural gematomasi, bo‘yin sohasi qontalashi, ikkala tizzasi va ikkala tirsagida ko‘kargan jarohatlari bilan murojaat qilgan. Shifokorlar bu holat haqida zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar berishgan.
O‘rganishlar jarayonida aniqlanishicha, 16-iyul kuni taxminan soat 18:30 da Mirzo Ulug‘bek tumanidagi bog‘lardan birida Asad Algo va uning 26 yashar tanishi A.I. o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan. Natijada bloger Asad Algo tan jarohati olgan. Shundan so‘ng ular o‘zaro kelishib olgani sababli voqea joyidan ketgan. Holat yuzasidan Asad Algo organlarga yoki tibbiyot muassasasiga murojaat qilmagan.
19 iyul kuni blogerning tobi qochgani tufayli shifoxonaga olib borilgan va uning bosh qismida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, u vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.