Toshkent—Samarqand yo‘nalishida yangi kichik samolyot qo‘yildi — video

Toshkent — Samarqand yo‘nalishida yangi kichik hajmli samolyotlarda doimiy parvozlar yo‘lga qo‘yildi. Chipta narxi 100 mingdan boshlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Ertaga, 20-iyuldan boshlab "Uzbekistan Airways" kompaniyasi Toshkent – Samarqand – Toshkent yo‘nalishi kunlik muntazam pazvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda.
Parvozlar quyidagi jadvalga muvofiq amalga oshiriladi:
HY-1001 Toshkent — Samarqand soat 8:30 — 9:55;
HY-1002 Samarqand — Toshkent soat 10:55 - 12:20.
Toshkent - Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar narxi 104 000 so‘mdan boshlanadi. Toshkent - Samarqand - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar narxi esa 182 000 so‘mdan boshlanadi.

Yangi samolyot

Parvozlar Chexiyaning "LET Aircraft Industries" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita L-410 samolyotlarida amalga oshiriladi. Samolyotlar 19 nafar yo‘lovchi yoki 1800 kg yuk tashishi mumkin.
L-410 o‘zining ishonchliligi, xavfsizligi va ekstremal iqlim sharoitida ishlash xususiyatlari bilan tanilgan. Ushbu turdagi samolyotlar besh qit’aning 60 dan ortiq mamlakatlarida uzoq yillar davomida foydalanib kelinmoqda.
Ushbu havo kemalarini qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklarida qo‘llash, xususan, Zarafshon, Shahrisabz, Andijon shaharlari kabi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish uchun rejalashtirilgan.