TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 2030-yilgacha ichimlik suvi ishlab chiqarish hajmi 11 foizga oshishi kutilmoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zsuvta’minot” axborot xizmati rahbari Akmal Murodov xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2030-yilgacha aholining markazlashgan ichimlik suviga bo‘lgan talabi oshib borishi hamda dastlabki hisob-kitoblarga binoan 2022-yilga nisbatan ichimlik suvi ishlab chiqarish hajmi 11 foizga oshishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda sohada xalqaro moliya institutlarining 2 mlrd 200 mln dollar mablag‘lari hisobidan 24 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Xalqaro tashkilotlarning quyidagi mablag‘lari jalb etilgan:
Osiyo taraqqiyot bankining 611 mln 700 ming dollar (5 ta loyiha);
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 420 mln dollar (7 ta);
Jahon bankining 310 mln dollar (4 ta);
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining 385 mln 100 ming dollar (1 ta);
Islom taraqqiyot bankining 57,5 mln dollar (1 ta);
Saudiya taraqqiyot va OPEK jamg‘armalarining 126,5 mln dollar (3 ta);
Fransiya taraqqiyot agentligining 130 mln 900 ming dollar (2 ta);
Fransiyaning "Suez" kompaniyasining 170 mln dollar (1 ta).
“Mazkur loyihalarning to‘liq foydalanishga topshirilishi evaziga 7 ming 500 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 2 ming 757 kilometr oqova suv tarmog‘i, 254 ta suv hamda 263 ta oqova suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinishi belgilangan”, - dedi Akmal Murodov.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish orqali 4 mln 200 ming nafar aholi ichimlik suvi va 2,5 mln nafar aholi markazlashgan oqova suv tizimi bilan ta’minlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, jarayondagi mazkur loyihalar bilan birgalikda, 4 mlrd dollarlik 27 ta yangi istiqbolli loyihani amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Shu yilda xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar doirasida 300 km ichimlik va 80 km oqova suv tarmog‘i hamda 14 ta ichimlik va 19 ta oqova suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Natijada Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi 75 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 250 ming nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Qolaversa, Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer tumanlaridagi 17 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 50 ming nafar aholi uchun oqova suv xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, respublika iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan bir yilda o‘rtacha 56–57 mlrd m3 miqdorida suv resurslaridan foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74 foizga yetkazilishi ma’lum qilingandi.